Rasmiy tashrif bilan Moskvada bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv Rossiya hukumatining Muvofiqlashtirish markazida bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev, михаил мишустин, россия

Davlat rahbari uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani, uning yakunida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida 3,5 milliard dollarlik hujjatlar imzolanganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev, михаил мишустин, россия

Uchrashuvda tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida hamda O‘zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev, михаил мишустин, россия

Shuningdek, shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Muzokaralar yakunida prezident Rossiya hukumati raisini rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelishga taklif etdi.

Rossiya hukumati saytiga ko‘ra, o‘zaro savdo-iqtisodiy aylanma 612 milliard rubl yoki 98 trillion so‘mdan oshgan. Yanvar-iyul oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yana 14,5 foizga oshib, bugungi kunda 470 milliard rubldan ortiqni yoki 58 trillion so‘mni tashkil etgan.

Foto: Rossiya hukumati saytiFoto: Rossiya hukumati sayti

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin ta’limni “o‘zaro hamkorlikning juda muhim sohasi” deb atadi. Uning qayd etishicha, Rossiyada 63 ming o‘zbekistonlik talaba o‘qimoqda. Hukumat kvotasi 800 tagacha oshirilgan. O‘zbekistonda Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 15 ta filiali ochilgan. “Menimcha, bu yerda yaqinroq hamkorlik qilish uchun hali yana imkoniyatlar mavjud”, — dedi hukumat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, “Bizda ko‘p tashriflar bo‘ldi, lekin bu safargisi mazmunan juda boy”, deya ta’kidladi.

“Umuman olganda, ikki tomonlama munosabatlarimiz keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi… Vladimir Vladimirovich [Putin] va mening siyosiy irodamiz tufayli so‘nggi yillarda bunga erishdik. Siz ta’kidlaganingizdek, hamkorligimizning barcha yo‘nalishlarida muvaffaqiyatlar kuzatilmoqda. Bu aslida bizni, odamlarni quvontiradi — mana shunday og‘ir damlarda uchrashganimizda, mamlakatlarimiz o‘rtasida almashuv bo‘layotganida, albatta, yaxshi natijaga erishiladi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Bir kun avval Mirziyoyev Qozon shahrida Tatariston rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashgandi. Unda hamkorlik masalalari va ikki davlat hududlari forumi yakunlari muhokama qilingan. O‘zbekistonda Rossiyaning “Alabuga” va “Master” texnoparklari bilan sanoat parklarini tashkil etish ham kelishuvlar ro‘yxatidan o‘rin olgan.