“O‘zenergoinspeksiya” va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Namangan shahrida istiqomat qiluvchi A.N.ga qarashli ohak ishlab chiqarish sexi tabiiy gaz hisoblagichisiz, tarmoqqa noqonuniy ravishda ulangan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 7 mlrd 56 mln so‘m (4 mln 704 ming metr kub) zarar yetkazgan.

Ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 23 ming 520 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng, deyiladi xabarda.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda sentabr oyi davomida 111 mlrd 428 mln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bunday holatlarning eng ko‘pi Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.