Ukrainaning Xarkov viloyati Kupyanskiy tumanidagi Groza qishlog‘ining Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida kamida 49 kishi halok bo‘ldi, ular orasida bir bola ham bor. Yana yetti kishi yaralangan, deya xabar berdi Ukraina Bosh prokuraturasi.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, raketa zarbasi 5-oktabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:25 da amalga oshirilgan. “Fuqarolik obyekti — qishloq kafe-do‘koniga zarba berildi”, deyiladi xabarda.

Zarba paytida “kafe-do‘konda juda ko‘p tinch aholi bo‘lgan”, deya ma’lum qildi Xarkov viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubov. Favqulodda xizmatlar halokat joyida ishlashda davom etmoqda.

“Ukraina Seychas”ning manbalariga tayanib yozishicha, Grozadagi kafeda “pominka” (dafn marosimidan avval o‘tkaziladigan ijtimoiy yig‘ilish — tahr.) o‘tkazilayotgan bo‘lgan va shu sababli u yerda juda ko‘p odam to‘plangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu raketa zarbasi haqida hozircha bayonot bermadi.