O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida Qozon shahrida Tatariston rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev erishilgan yutuqlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Savdo va investitsiyalar hajmi oshib bormoqda. Toshkent viloyatida „Chirchiq“ kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda, Jizzax viloyatida texnopark qurilishi davom etmoqda. Kimyo tarmog‘i va mashinasozlikda yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jizzax shahrida Qozon federal universitetining filiali ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.

Qozon shahrida o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlik forumi yakunlari, jumladan, O‘zbekiston hududlarida Rossiyaning “Alabuga” va “Master” texnoparklari bilan yangi sanoat parklarini tashkil etish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar qayd etildi.

Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal soahalarida istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, turizm va yoshlarga oid siyosatda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

рuсtaм минниханов, tataристон, шавкат мирзиёев, қозон шаҳри

Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasini borib ko‘rdi. Bu yerda u Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Rossiya Sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyaning qariyb 80 ta subyekti O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda, ularning uchdan bir qismi O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga ega. O‘zbekiston va RF o‘rtasida turli yo‘nalishlar — sanoat kooperatsiyasi, sanoat mahsulotlari eksport-importi, neft, gaz, mazut, shuningdek, neft konlari xizmatlari va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohalarida salohiyatli 60 dan ortiq qo‘shma loyihalar ro‘yxati shakllantirildi.

рuсtaм минниханов, tataристон, шавкат мирзиёев, қозон шаҳри

O‘zbekiston prezidenti “Qozon Kremli” tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida ham bo‘ldi, Qul Sharif masjidi va Blagoveshensk soborini borib ko‘rdi, Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil Samigullin hamda Tatariston mitropoliti Kirill bilan suhbatlashdi.

Avvalroq mintaqaviy forum doirasida Toshkent viloyatida Wildberries logistika xabini qurish, Ozon marketpleysi bilan elektron tijoratni rivojlantirish, Rossiyadan metro vagonlarini yetkazib berish, suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida o‘zaro tajriba almashish va boshqa masalalar bo‘yicha hujjatlar imzolangani haqida yozgan edik.

Shavkat Miirziyoyev Qozondan Moskvaga uchadi va u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv rejalashtirilgan.