Buyuk Britaniya hukumati 2009-yil 1-yanvar yoki shu sanadan keyin tug‘ilganlarga Angliyada tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlovchi qonunchilikni joriy etishni rejalashtirmoqda. Shu yo‘l orqali mamlakat hukumati birinchi “chekmaydigan avlod”ni yaratishga urinmoqda.

Britaniya hukumati veb-saytiga ko‘ra, 14 yoshga to‘lgan yoki undan kichik bo‘lgan bolalarga qonuniy ravishda sigaret sotilmasligini ifoda etuvchi o‘zgarish chekish yoshini har yili bir yilga samarali oshiradi. “Bu 2040-yilga borib yoshlar orasida chekishni deyarli tamomila to‘xtatish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

“Men farzandlarimiz uchun yaxshiroq va yorqin kelajakni qurmoqchiman, shuning uchun chekishni butunlay yo‘q qilmoqchiman. Bu o‘zgarishlar farzandlarimiz hech qachon sigaret sotib ololmasligini anglatadi”, — dedi Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak.

Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada har yili chekish oqibatlari tufayli 64 mingga yaqin odam vafot etadi. Bundan tashqari, har oy umumiy amaliyot shifokoriga 75 mingtagacha kelib tushayotgan shikoyatlar chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufaylidir. Chekish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga har yili taxminan 17 milliard funt sterling zarar keltiradi.

“Chekish jinoyat deb topilmaydi. Bosqichma-bosqich yondashuv shuni anglatadiki, hozir qonuniy ravishda sigaret sotib olishi mumkin bo‘lganlar kelajakda ham sotib olishi mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Hukumat, shuningdek, yoshlar o‘rtasida veyping (elektron sigaret)ga qarshi kurash choralarini ko‘rish niyatida ekanini e’lon qildi.

Shunga o‘xshash qonun Yangi Zelandiyada 2022-yildan beri amalda bo‘lib, 2009 yoki undan keyin tug‘ilgan fuqarolarga butun umri davomida sigaret sotib olishni taqiqlaydi. Bu yil yozda mamlakat rasmiylari bir martalik veyplarni sotishni ham taqiqlagan.