2023-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari Mungi Bavendi (Massachusets texnologiya instituti), Luis Bryus (Kolumbiya universiteti) va Aleksey Ekimov (Nanocrystals Technology Inc. kompaniyasi) bo‘ldi. Bu haqda Shvetsiya Fanlar akademiyasi Nobel qo‘mitasi xabar berdi.

Olimlarga mukofot kvant nuqtalarini kashf etgani va sintez qilgani uchun berildi. “Zarralar shunchalik kichikki, o‘lchamlari ularning xususiyatlarini belgilaydi”, deb qayd etdi qo‘mita.

“Ushbu kichik nanotexnologiya komponentlari [kvant nuqtalari] endi televizorlar va LED lampalardagi yorug‘likni tarqatadi va jarrohlarga boshqa narsalar qatori o‘simta to‘qimasini olib tashlashda ham yordam beradi”, — deyiladi hisobotda.

“Bir-biridan mustaqil ravishda Ekimov va Bryus kvant nuqtalarini yaratishga muvaffaq bo‘lgan va Bavendi kimyoviy ishlab chiqarishda inqilob qilgan”, — deya tushuntirdi qo‘mita.

Laureatlarning ismlari rasmiy e’lon qilinishidan bir necha soat oldin Shvetsiya ommaviy axborot vositalari ularni e’lon qildi. Mamlakat Fanlar akademiyasi ularga xato press-relizni muddatidan oldin yuborgan. Akademiyaning qayd etishicha, laureatlar bo‘yicha hali qaror qabul qilinmagan, biroq yopiq ovoz berishdan so‘ng qo‘mita aynan o‘sha olimlarning ismlarini aytib o‘tgan.

Kimyo bo‘yicha 2022-yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Karolin Bertotssi va Barri Sharpless, shuningdek, daniyalik olim Deyn Morten Meldalga klik kimyosi va bioortogonal kimyo usullarini ishlab chiqqanligi uchun topshirilgandi.