Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-maktab direktori o‘quvchilarni majburan o‘zining sholi maydonidagi o‘rimga jalb qilgani aks etgan video tarqaldi.

Unda o‘quvchilar maktab direktori sholi o‘rimiga yuborganini, hozir dars payti ekanini aytishgan. Videoni suratga olgan shaxs ularni darsga qaytishlarini aytgan. Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat tuman prokuraturasi va Davlat mehnat huquq inspektori tomonidan o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, mazkur maktabning 9-A sinf o‘quvchilari A.Q., B.Sh., A.O. va B.O. tumandagi “Durdona” mahallasida joylashgan “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan sholi dalasida dars mashg‘ulotlaridan so‘ng fermer xo‘jalik rahbari K.X.ning “taklifiga asosan, ma’lum bir haq evaziga” dalada o‘rilgan sholini to‘plash ishlarini bajarishgan.

“O‘rganishda, maktab direktori tomonidan voyaga yetmagan o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilinganligi holati o‘z tasdig‘ini topmadi”, — deyiladi xabarda.

Holat bo‘yicha yuqoridagi maktab direktori, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i, bo‘limi psixologi va o‘quvchilarning sinf rahbaridan tushuntirish xatlari olingan. Voyaga yetmagan o‘quvchilar bilan tegishli mutaxassislar ishtirokida suhbatlashilgan.

Shuningdek, ularni yoshini inobatga olmasdan fermer xo‘jaligida mehnat qilishga yo‘l qo‘yib bergan xo‘jalik rahbarining harakatlariga huquqiy baho berilmoqda, deyiladi xabarda.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi holat nazoratga olinganini bildirdi.

“Milliy komissiya a’zolari tomonidan maktab o‘quvchilarning sholi o‘rimi ishlariga jalb qilinishi holati zudlik bilan o‘rganilmoqda hamda mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi masalasi nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.

Kun.uz'ning yozishicha, Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-maktabga Xudoyberganov Anvar Quronboyevich rahbarlik qiladi. Bolalar mehnatga jalb etilgan “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligiga esa korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, Xudayberganov Rustam Quranbayevich rahbarlik qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49−1-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish — BHMning 20 baravari (6,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.