Annaklichev Saxi Saparmuxamedovich “Qishloqqurilishbank” negizida tashkil etilgan Biznesni rivojlantirish banki boshqaruvi raisi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda Yuz.uz nashri.

Saxi Annaklichev 1975-yilda tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1996-yilda Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston bosh boshqarmasi valyuta-iqtisodiyot bo‘limi yetakchi iqtisodchisi sifatida boshlagan. Keyingi yillarda Markaziy bankda turli lavozimlarda ishlagan, “Xalq banki” rahbari o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasi departamentlaridan birini boshqargan.

U 2020-yildan to tayinlovga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

“Qishloqqurilishbank”ning avvalgi raisi Muratov Alisher Akmalovich esa raisning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 4-sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan “Qishloq qurilish bank” Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirilgan. Uning huzurida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan.

Prezident ushbu bank arzon kreditlar ajratishi, soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitishi, ularga loyiha qilib berishi, faoliyatini moliyalashtirishini aytgandi.

“Endi O‘zbekistonda yangi bank paydo bo‘ladi. U faqat shu yo‘nalish bilan shug‘ullanadi”, — degan davlat rahbari.