29-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi qarori [516-son] bilan “Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) bo‘yicha ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘liq davlat granti asosida ta’lim olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, kollej va texnikumlarga o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablag‘lari respublika budjetidan budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladi.

Kollej va texnikumlarga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar o‘quv yilining 10-oktabriga qadar ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

Arizalar taalluqliligi bo‘yicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

Hududiy bo‘linmalar har yili 15-oktabrgacha umumlashtirilgan ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

Vazirlik har yili 20-oktabrgacha umumlashtirilgan ma’lumotlar asosida davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar ro‘yxatini taalluqliligi bo‘yicha tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

Vazirlik va idoralar mazkur ro‘yxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun zarur mablag‘ ajratish yuzasidan har yili 25-oktabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablag‘larni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

Kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024 o‘quv yilidan davlat granti asosida ta’lim oladigan xotin-qizlar uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.