O‘zbekistonda aholini zilzilaga tayyorlashga mo‘ljallangan milliy elektron platforma ishga tushiriladi. Bu haqda 29-sentabr kuni “Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi” Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Hujjat matni Lex.uz platformasida e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida xar yili respublikadagi barcha mahallalarda aholi ishtirokida zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt o‘quv mashqlari o‘tkazib boriladi.

Shuningdek, bog‘cha bolalari, maktab, texnikum o‘quvchilari, oliygoh talabalari muammoli-vaziyatli o‘yinlar va mashg‘ulotlarda, milliy elektron platforma orqali, shuningdek, maxsus mashg‘ulotlar orqali tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan aholi, shuningdek, qolaversa, harbiy xizmat, davlat tashkilotlari rahbar-hodimlari o‘quv mashqlarida tayyorgarlikdan o‘tadi. Elektron platformada fuqarolar ixtiyoriy ravishda masofaviy o‘quv kurslaridan foydalanishlari mumkin.

Jismoniy imkoniyati cheklanganlar xamda turistlarga zilzilada xavfsizlikni saqlash bo‘yicha tegishli qo‘llanmalar tarqatiladi. Radio va teledasturlarda lavhalar efirga uzatiladi. Shuningdek, ular milliy elektron platforma va maxsus mobil ilovalardan foydalangan xolda tayyorgarlikdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Milliy elektron platformaning o‘quv reja va dasturlariga xar uch yilda bir marotaba o‘zgartirishlar kiritiladi.

Qarorga ko‘ra, milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash o‘quv kurslari faoliyatini Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda nazorat qiladi.

Zilzilaga tayyorlash tadbirlari respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xamda boshqa tashkilotlarga har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida, shuningdek, budjetdan tashqari mablag‘lari xamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Mazkur qarorning bajarilishini bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov va favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev nazorat qiladi.