Qirg‘iziston va Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimov ikki davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Hujjat mazmuni oshkor etilgani yo‘q, deb yozmoqda ASIA-Plus.

Bayonnoma Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalarining 2-oktabr kuni Batken shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolandi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan press-relizlarda ham hujjat tafsilotlari keltirilmagan. Xabarlarda faqatgina uchrashuvda “qirg‘iz-tojik davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasi bo‘yicha batafsil fikr almashilgani” hamda “chegara hududlari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlash zarurligi” qayd etilgani aytiladi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari “mojarolar har doim tarixdan past bo‘ladi, mojarolar har doim har qanday tanqiddan past bo‘ladi”, deya ta’kidlagan.

“Shuning uchun bugun Batkenda 44-sonli bayonnomani imzoladik. Ushbu bayonnoma amalga oshirilgach, avvallari tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojarolar uchun asos bo‘lgan va zamin yaratgan barcha masala va muammolarni hal qiladi”, — dedi Yatimov.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari ham bayonnoma ikki davlat o‘rtasidagi “barcha chegaraviy muammolarni hal qilish” uchun asos bo‘lishini ta’kidladi.

“Xudo xohlasa, yaqin kunlarda davlat chegarasini belgilashni yakunlash bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilamiz… Qolaversa, delimitatsiya va demarkatsiya komissiyamiz uzluksiz ish olib boradi va tez orada yakuniy qarorlarni qabul qiladi, degan qarorga keldik. Bugun imzolaganimiz chegara tinch, barqaror bo‘lishiga, xalqlarimiz abadiy do‘stlik va hamjihatlikda yashashiga asos bo‘lmoqda”, — dedi Tashiyev.

24.kg nashrining qayd etishicha, delegatsiyalar uchrashuvidan so‘ng hukumatparast blogerlar chegara bo‘yicha “tarixiy qaror” hamda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi bu masala bo‘yicha kelishmovchiliklar tugashi haqida yozishni boshlagan. Jurnalistlar izoh uchun prezident matbuot xizmati va mamlakat Vazirlar Mahkamasi bilan bog‘langan, biroq javob ololmagan.

Kloop.kg xabariga ko‘ra, qirg‘iz-tojik chegarasining uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi, bugungi kunda shundan faqat 600 kilometrdan ortig‘i delimitatsiya va demarkatsiya qilingan. Nashrning ta’kidlashicha, chegaralar aniqlanmagani uchun chegara hududlarida vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi. Mojaro oxirgi marta o‘tgan yilning sentabrida avj olgan, natijada har ikki tomondan o‘nlab odamlar halok bo‘lgan va yaralangan edi.