Buxoro viloyatining olis cho‘l hududlarida yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan va noyob bo‘lgan yo‘rg‘a tuvaloqlar qo‘yib yuborildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati (post seshanba kuni kechga yaqin o‘chirib tashlandi, sababi hozircha aniq emas).

Qushlarning tabiatga qo‘yib yuborilishi har yili erta bahorda yoki kuzda, sentabr oyining o‘rtalarida amalga oshiriladi. Bu yilgi kuz mavsumida tuvaloqlarning 1500 tasini tur uchun maqbul deb hisoblangan hududlarga qo‘yib yuborildi.

“Tuvaloqlarga ularning tarqalishi, omon qolishi va yovvoyi populyatsiyaga integratsiyalashuvini vaqti-vaqti bilan o‘rganishni davom ettirish uchun sun’iy yo‘ldosh transmitterlari o‘rnatib chiqilgan”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, yo‘rg‘a tuvaloq O‘zbekiston qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Uyushmasi qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan qushlardan hisoblanadi.

Hokimlik xabariga ko‘ra, har yili 3−4 mingga yaqin qushlar Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli bo‘lgan “Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (Emirates Center for Conservation of Houbara) da ko‘paytirilmoqda. Tuvaloq qush naslchilik markazi 2007-yilda tashkil etilgan.

“Birinchi nasldor qushlarni chiqarish uchun tuxumlar viloyat hududidagi cho‘llardan yig‘ib olingan. Tabiatga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan holda tuxumlar mavsumda imkon qadar erta to‘plangan. Loyiha ilmiy dalillarga muvofiq, ya’ni tutqunlikda ko‘paytirish va ozod qilish raqamlari bilan barqaror tamoyilga asoslangan”, — deyiladi xabarda.

Arablarning bu qushni ko‘paytirishga qiziqishi bejizga emas. Qoraqalpog‘iston axborot agentligida berilgan ma’lumotga ko‘ra, har yili BAA shayxlari Qoraqalpog‘istonga ov mavsumini o‘tkazish uchun kelishadi va ushbu Qizil kitobga kiritilgan qushlarni ruxsatnoma asosida ovlashadi.

Arablar asosan ovchi qush — lochin bilan yo‘rg‘a tuvaloq qushini ovlashni ota dasturiga aylantirgan. Ularning bu qushni ovlashini “podshoxlar ovi”, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy an’ana ham deyishadi.

Arablar ov qilishda qat’iy tartiblarga bo‘ysinishadi. Ya’ni, brakonerler va boshqa ovchilar singari ko‘z to‘ymaslik qilmasdan, faqatgina ma’lum miqdorda ovlashadi. Bir necha marotaba Qoraqalpog‘istonning Ustyurt tekisligiga tuvaloq qo‘shini ovlash uchun Dubayning merosxo‘r shahzodasi shayx Hamdan bin Muhammad al-Maqtum tashrif buyurgan.

“Gazeta.uz”, avvalroq, qushni ovlash uchun ruxsatnoma qanday berilishi haqida ham yozgandi.