Armaniston parlamenti Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudining Rim statutini ratifikatsiya qilishni ma’qullab ovoz berdi, deya xabar berdi Armenpress.

Hujjatni ratifikatsiya qilishni 60 nafar deputat ma’qullagan, 22 nafar deputat bunga qarshi ovoz bergan. Tegishli hujjat endi prezident tomonidan imzolanishi kerak bo‘ladi.

Armaniston 1998-yilda Rim statutini imzolagan, biroq 2004-yilda hujjat Armaniston konstitutsiyasiga zid deb topilgach, ratifikatsiya jarayoni to‘xtab qolgan. 2022-yil oxirida Armaniston hukumati ratifikatsiya jarayonini qayta tiklagandi.

Rossiya hujjatning ratifikatsiya qilinishiga faol qarshilik ko‘rsatgandi. Jumladan, bir hafta oldin ham Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistonni Rim statutini ratifikatsiya qilish oqibatlari haqida “ogohlantirgandi”. Armanistonning Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilishini qabul qilib bo‘lmaydi, bu ikki tomonlama munosabatlarda salbiy oqibatlarga olib keladi, deya qayd etgan Moskva.

O‘z navbatida, Armaniston rasmiylari Rim statutini ratifikatsiya qilish xavfsizlik masalalari yuzasidan zarurligini qayd etgan. “Mamlakatimizga qarshi harbiy jinoyatlar avval sodir etilgan va hozir ham sodir etilmoqda. Bizga bu [ratifikatsiya] kerak, mamlakatimizga kerak”, — degandi parlament spikeri Alen Simonyan.

Rim statuti Xalqaro jinoiy sud tomonidan joriy etilgan shartnoma hisoblanadi. Uni 137 davlat imzolagan va 120 dan ortiq davlat ratifikatsiya qilgan.

2023-yilning mart oyida Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda gumonlanmoqda.