“Gazeta.uz” 2023-yil 1-oktabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Biznes uchun elektr energiyasi va gaz naxri oshadi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi. Quyidagilar uchun narx oshdi:

  • I va II guruh iste’molchilari — Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq KMK, O‘zbekiston metallurgiya kombinati va ularning tarkibiy korxonalari, budjet tashkilotlari, shuningdek, nasos stansiyalari uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 450 so‘mdan 1000 so‘mga (2,2 marta) oshadi, boshqa yuridik shaxslar (kompaniyalar) uchun esa — 450 so‘mdan 900 so‘mgacha (2 baravar).
  • Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va budjet tashkilotlari uchun bir kubometr gaz narxi 660 so‘mdan 1800 so‘mgacha (2,7 baravar) oshiriladi. Boshqa yuridik shaxslar uchun esa narx 660 so‘mdan 1500 so‘mgacha (2,3 baravar) oshadi.
  • Bundan tashqari, gaz quyish shoxobchalarida kelgusi olti oy davomida qat’iy narx chegarasi — bir kub metr uchun 3250 so‘m etib belgilandi.

2. Soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar faqat sud tomonidan qo‘llaniladi

Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi [PF-158-son] farmoni asosida tadbirkorlarga miqdori 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik subyekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


3. Og‘ir hayotiy vaziyatdagi har bir oila bo‘yicha “ijtimoiy xizmat ishi” yuritiladi

Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi [PQ-300-son] qaroriga ko‘ra, 1-oktabrdan og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi joriy etiladi.

Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dori vositalari bilan ta’minlash, farzandlarini maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutiladi.


4. Qamoqdan chiqqan shaxslarga ish berganlarga subsidiya ajratiladi

Hukumatning 2023-yil 5-sentabrdagi [450-son] qaroriga muvofiq, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav (fondi) kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.

Shuningdek, quyidagilar yo‘lga ko‘yiladi:

  • “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni tashkilotlardagi mavjud bo‘sh (vakant) hamda zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish tizimi.

5. Ayrim nafaqa va moddiy yordam bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi

Prezidentning 2023-yil 1-iyundagi [PF-82-son] farmoni bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.


6. Shamol stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr uchun “Yashil energiya” sertifikati beriladi

Prezidentning 2023-yil 12-maydagi [PQ-156-son] qarori asosida elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etiladi.


7. Ayrim fuqarolarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlari qoplab beriladi

Prezidentning 2023-yil 24-maydagi [PQ-162-son] qaroriga ko‘ra, B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.


8. Tabiiy gaz shartnomalariga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritiladi

Prezidentning 2023-yil 12-maydagi [PQ-157-son] qaroriga muvofiq, O‘zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf hamda elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomalarga oid ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritib boriladi va mazkur shartnomalar yuzasidan elektron hisobvaraq-fakturalar Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.


9. Seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha mutaxassislar sertifikatlashtiriladi

Prezidentning 2023-yil 16-maydagi [PQ-158-son] qarori bilan seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.


10. Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestri shakllantiriladi

Prezidentning 2023-yil 6-iyuldagi [PF-108-son] farmoniga asosan quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestri (ro‘yxati) joriy etiladi;
  • Raqobat qo‘mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan subyektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi;
  • raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda Raqobat qo‘mitasiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.

11. Munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga integratsiya qilinadi

Prezidentning 2023-yil 26-iyuldagi [PQ-236-son] qaroriga ko‘ra, Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat organlari axborot tizimlaridagi munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu tizimlarni o‘zaro integratsiya qilish orqali “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga yuklanadi.

Shuningdek, Toshkent shahrida belgilangan obyektlar negizida Kompaniya tomonidan loyiha qiymati 1 million AQSh dollarigacha ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.


12. Suv havzalari “E-auksion” orqali ijaraga beriladi

Prezidentning 2023-yil 18-avgustdagi [PQ-281-son] qarori asosida tadbirkorlarga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali quyidagilar ijaraga beriladi:

  • davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) — baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun;
  • tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari — suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.

13. Shaharsozlik sohasidagi ayrim mutaxassislarni sertifikatlash tizimi joriy etiladi

Prezidentning 2023-yil 28-avgustdagi [PF-151-son] farmoni bilan shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:

  • loyiha boshqaruvini va texnik nazoratni, shu jumladan yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar;
  • loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar, shuningdek, loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari;
  • pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar;

14. Kapital bozori yanada rivojlantiriladi

Prezidentning [PQ-291-son] qaroriga muvofiq, quyidagilar:

  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan so‘ng kamida 7 yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiriladi;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qog‘ozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq va (yoki) ko‘proq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlang‘ich narxini 10 foizdan ortiqqa oshirmaslik to‘g‘risidagi cheklov bekor qilinadi.

15. Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etiladi

Prezidentning 2023-yil 8-sentabrdagi [PQ-296-son] qaroriga ko‘ra, 1-oktabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 14 hududiy filiali tashkil etiladi. Markaz:

  • homilador ayollar va yangi tug‘ilgan bolalar skriningi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etadi;
  • akusherlik-ginekologiya, tibbiy-genetik maslahat, sog‘lom oilani rejalashtirish, molekulyar-genetik tekshiruv, plastik va estetik ginekologiya, yordamchi reproduktiv texnologiyalar xizmatlarini tashkil etadi.

2023-yil 1-oktabrdan birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida mutaxassislarni joriy etilayotgan yangi tizim bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yil 1-oktabrdan har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qo‘llanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.

Qaror bilan shuningdek, Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturga ko‘ra, homilador ayollar uy varaqasini raqamlashtirish va amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.


16. “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi

Prezidentning 2023-yil 14-sentabrdagi [PQ-306-son] qarori bilan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi.

Quyidagilar “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga onlayn ariza yuborish orqali dasturda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi:

  • kamida 1 yil mobaynida ishlayotgan YATT, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmand, kasanachi, NTT, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan shaxslar.

2023-yil 1-oktabrdan Dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga, jumladan:

faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik yuqori stavkada 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi.

Bunda, 100 million so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi;

  • qiymati 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga beriladi;
  • innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi.