Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr kuni Qatarga davlat tashrifi doirasida mamlakatning qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Al Mirqab Capital

al mirqab capital, nebras power, шавкат мирзиёев, қаtaр, қаtaр investitsiyalar agentligi

Davlat rahbari Al Mirqab Capital xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xonni qabul qildi.

1983-yilda asos solingan xolding AQSh, Yevropa va Yaqin Sharqda For Seasons, The Ritz Carlton va boshqa brendlardagi 20 ta yirik mehmonxona egasidir. Kompaniya aktivlari qiymati 8 mlrd dollardan ziyodni tashkil etadi.

Uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoro shahrida mehmonxona-kongress majmuasini qurish, mamlakatda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalari ko‘rib chiqildi.

Investitsiya loyihalari qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.

Nebras Power

al mirqab capital, nebras power, шавкат мирзиёев, қаtaр, қаtaр investitsiyalar agentligi

Shavkat Mirziyoyev Nebras Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriy bilan ham uchrashdi.

Nebras Power — Qatarning yetakchi energetika korporatsiyasi. Kompaniya o‘ndan ziyod mamlakatida yirik loyihalarni amalga oshirgan.

Uchrashuvda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari Sirdaryo viloyatida Qatar kompaniyasi ishtirokida bug‘-gaz texnologiyalari asosida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Hozirda Surxondaryo viloyatida IES barpo etish loyihasi doirasida tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Prezident va kompaniya rahbari uzoq muddatli sheriklik dasturini qabul qilish, unga, eng avvalo “yashil” energetikaga doir istiqbolli loyihalarni kiritish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Qatar investitsiyalar agentligi

al mirqab capital, nebras power, шавкат мирзиёев, қаtaр, қаtaр investitsiyalar agentligi

Ishbilarmonlik dasturi doirasida prezident Qatar investitsiyalar agentligi direktori Bandar bin Saud Ol Soniyni qabul qildi.

Agentlik sanoat, infratuzilma, energetika, ko‘chmas mulk, elektron texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega global miqyosdagi yetakchi investitsiya xoldinglaridan biri hisoblanadi. Idora rahbari bir vaqtning o‘zida Qatar Markaziy banki raisidir.

Uchrashuvda agentlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini mamlakat hududlarida “yashil” energetika obyektlari — quyosh va shamol stansiyalarini qurish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan zamonaviy aviaterminallar barpo etish va boshqa investitsiya loyihalariga jalb qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ilg‘or bank-moliya xizmatlarini, shu jumladan islom moliyasi dasturlari doirasida rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama guruh uchrashuvini yaqin fursatda o‘tkazishga kelishib olindi.

Avvalroq Qatarning eng yirik milliy xoldingi — Power International O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya, shuningdek, tez orada mamlakatda o‘z ofisini ochishini ma’lum qilgan.