O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifi doirasida 1-oktabr kuni Dohada Power International Holding kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv davomida mamlakatda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish loyihasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash obyektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etildi.

Power International — dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi. Yaqin Sharqdagi yetakchi ko‘p tarmoqli kompaniyalardan biridir.

Hozirda ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.

Qatar tomoni tez orada xolding O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr kuni Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Doha shahriga kelgan.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Davlat rahbarini Qatar bosh vaziri — tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.

Davlat tashrifi dasturiga muvofiq, oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi, yetakchilar O‘zbekiston-Qatar munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar.

Prezident Qatar ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.