Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shadmanov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan” xodimlardan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Alisher Shadmanovni mukofoti bilan tabriklab, kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Alisher Shadmanov (1962-yilda tug‘ilgan) — tibbiyot fanlari doktori, professor. 1985-yildan 2015-yilgacha Andijon davlat tibbiyot institutida turli lavozimlarda ishlagan.

2016−2017-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi (“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakili) sifatida faoliyat yuritdi.

2017-yil fevralidan 2020-yil noyabrigacha Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. U koronavirus pandemiyasining boshlanishi va rivojlanishi davrida Sog‘liqni saqlash vazirligini boshqarishiga to‘g‘ri keldi.

2023-yilning avgust oyida u Sog‘liqni saqlash vazirligiga vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida qaytdi.