“Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonda o‘qituvchilarni ta’til vaqtida majburiy mehnatga noqonuniy jalb qilish faktlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan anonim so‘rov natijalarini e’lon qildi.

So‘rovda butun mamlakat bo‘ylab 5745 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi: 3867 nafar ayol (67,3%) va 1878 nafar erkak (32,7%).

O‘rganish natijalari

So‘rovnomada yozgi ta’til davrida majburiy mehnatga jalb qilinganligi to‘g‘risidagi savolga ishtirokchilarning aksariyati — 92,3 foizi ta’til davomida maktab rahbariyati tomonidan ishga chaqirilmaganligini ta’kidlagan. 7,7 foiz respondent ta’til davomida majburiy mehnatga jalb qilinganmni bildirgan.

“Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan xarajat qilishiga to‘g‘ri keldimi?” degan savolga respondentlarning 4 987 nafari (86,8%) qo‘shimcha xarajat qilishga to‘g‘ri kelmaganligini bildirgan bo‘lsa, 10,1 foizi o‘z hisobidan 500 ming so‘mga yaqin, 3 foizdan ortig‘i 1 mln so‘mdan ko‘p mablag‘lar ishlatishiga to‘g‘ri kelganligini bildirdi.

Bu ko‘rsatkichlar Toshkent viloyati (48%) va Toshkent shahrida (45%) yuqori darajada. Alohida suhbatlarda ma’lum qilinishicha, bu kabi xarajatlarni qoplash uchun o‘qituvchilarga sinf xonalarini o‘z hisobidan jihozlash va bezatish, birinchi sinflarda o‘yinchoq o‘ynash uchun burchaklar tashkil etish, sinf xonasining pol qismidagi linoleumlarni almashtirish uchun 3 mln so‘mdan ortiq mablag‘ ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 84,4 foizi ularga maktab ma’muriyati tomonidan darslar adolatli taqsimlanishini bildirgan. Biroq 15,6 foiz respondentlar dars soatlari taqsimoti adolatli bo‘lmasligini bildirgan. Bu bo‘yicha e’tiroz, ayniqsa, Toshkent (42%), Navoiy (33%), Jizzax (22%), Samarqand (19%) viloyatlari va Toshkent shahrida (31%) yuqori darajada ekanligi ma’lum bo‘ldi.

“Ba’zi hollarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zlariga aloqador bo‘lmagan yig‘ilishlari hamda tadbirlariga jalb etilishi kabi holatlarga guvoh bo‘lamiz. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimizda yangi amaliyot bo‘lgan „Tashabbusli budjet“ doirasida maktablarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash va ularda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish loyihalariga ovoz to‘plashga majbur bo‘lmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Respondentlarning 78 foizi faoliyatida o‘zlariga yuklatilgan rasmiy majburiyatidan tashqari vazifalar yuklatilmasligini bildirgan. Lekin ishtirokchilarning 15 foizi “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz yig‘ish vazifasi rahbariyat tomonidan yuklatilishini, 7 foizга yaqini mahalliy hokimiyatlar tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarga jalb qilinishini malum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekiston prezidenti o‘qituvchilarni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni belgilovchi va mehnatga noqonuniy aralashganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzolagan edi.