Jahon banki “Barqaror isitish tizimiga o‘tish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish” nomli yangi hisobotini e’lon qildi. Unda Yevropa va Markaziy Osiyoning (YeMO) 23 ta davlatida ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalari taqdim etilgan, deya xabar berdi bank matbuot xizmati.

Jahon banki ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga barqaror va arzon xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash, samarasiz, ko‘p uglerodli yoqilg‘ilarga qaramlikni kamaytirish maqsadida hududiy issiqlik ta’minoti sektorini tubdan modernizatsiya qilishga chaqirgan.

Hisobotda isitish xizmatlarini yanada samarali, yashil va hamma uchun moliyaviy tarafdan imkonli qilish zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. Asr o‘rtalariga kelib atmosferaga chiqindilarning nolga teng bo‘lishiga erishish uchun YeMO mintaqasi bugungi kunda mintaqaviy energiya iste’molining qariyb 24 foizi va issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 22 foizi hissasiga to‘g‘ri keluvchi isitish sektorini tubdan qayta tashkil etishi lozim.

“Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari ekologik barqaror isitish tizimiga o‘tishni kechiktirmasligi kerak. Tozaroq va samaraliroq isitish texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni maqsadli subsidiyalaydigan tegishli siyosat va davlat dasturlarini qabul qilish orqali mamlakatlar shu o‘n yillikning o‘zida issiqlikka bo‘lgan talabni kamaytirishi, havo sifatini yaxshilashi va atmosferaga chiqindilarni kamaytirishi mumkin”, — deydi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani.

Hisobotda qayd etilishicha, investitsiya yetishmasligi sababli Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari issiqlik sektori ko‘pincha sifatsiz xizmatlar ko‘rsatadi, o‘z xarajatlarini to‘liq qoplay olmaydi, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi va odamlar hayoti hamda ularning daromad manbalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mintaqa aholisining 30 foizga yaqini (asosan shaharlarda) asosan markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalari xizmatlaridan foydalanadi, ular subsidiyalangan qazib olinadigan yoqilg‘ida ishlaydi va infratuzilmani yomonlashtirishi va moliyaviy barqarorligi pastligi bilan ajralib turadi. Qishloq joylarda ko‘pchilik uy xo‘jaliklari o‘tin yoki ko‘mir yoqiladigan, atmosferaga ko‘p zararli chiqindi chiqaradigan pech va kotyoldan foydalanadi.

Ushbu issiqlik manbalari havoning sezilarli darajada ifloslanishiga sabab bo‘ladi, bu esa har yili 302 ming kishining o‘limiga olib keladi va mintaqaviy yalpi ichki mahsulotning 7 foizi darajasidagi ijtimoiy xarajatlarga olib keladi, deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, isitish xizmatlarining narxi asosiy muammo bo‘lib qolmoqda: mintaqa aholisining uchdan bir qismi issiqlik ta’minoti uchun to‘lovlarni to‘lashda qiynalmoqda yoki uylarini to‘g‘ri ravishda isitishga qodir emas, binolarning eskirishi va energiya samaradorligining pastligi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Hisobotda qayd etilganidek, mintaqaning barqaror isitish tizimiga o‘tishi o‘lim darajasi va ifloslanishdan kelib chiqadigan ijtimoiy xarajatlarning sezilarli darajada kamayishiga olib kelishi va chiqindilarni kamaytirishga zamin yaratishi mumkin. Qayta tashkil etish orqali 2024 va 2050-yillar oralig‘ida binolarni isitish bilan bog‘liq bo‘lgan 8,9 gigatonna SO2 emissiyasining oldini olish mumkin.

Hisobot mualliflari mintaqada hududidagi issiqlik ta’minoti sektorining holati va tendensiyalarini o‘rgangan, barqaror isitish tizimiga o‘tish yo‘lidagi butun mintaqa uchun tegishli bo‘lgan to‘siqlar va muammolarni aniqlagan, isitishning turli variantlarini (shu jumladan yoqilg‘i, texnologiyalar va xarajatlarni) baholash natijalarini keltirgan va hukumatlarga bunday loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirish uchun, jumladan, iqtisodiy siyosat choralari va iqtisodiy dasturlarini o‘z ichiga oluvchi konsepsiyani taklif qilgan.

Hisobotda hukumatlarga barqaror isitish tizimiga o‘tish bo‘yicha samarali rejalarni ishlab chiqishda yordam beradigan strategiya taklif qilingan, u uchta elementni o‘z ichiga oladi:

1. Binolarning energiya samaradorligini oshirish orqali isitish uchun energiya sarfini kamaytirish. Yangi binolar uchun qattiqroq qurilish qoidalarini joriy etish va mavjud binolarni modernizatsiya qilishni jadallashtirish. Buning natijasida 2050-yilga kelib issiqlik ta’minotiga bo‘lgan talab ikki baravar kamayishiga erishish mumkin, bu esa hukumatlar, korxonalar va odamlar uchun o‘tish jarayonini ancha arzonlashtiradi.

2. Iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lsa, shaharning aholi zich joylashgan tumanlarida markaziy isitish tizimlarini rivojlantirish va karbonsizlantirishga ko‘maklashish. Mavjud markazlashtirilgan isitish tizimlarini yangilash va quyosh va geotermal energiya, issiqlik chiqindisi va barqaror biomassa kabi ekologik toza yoqilg‘iga o‘tish. Markaziy isitish tizimlari samarali ishlamayotgan yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmay qolgan hollarda, tarmoqdan tashqari isitish tizimlariga tartibli o‘tish talab qilinishi mumkin.

3. Aholi kam yashaydigan hududlarda ekologik toza individual isitish tizimlarini joriy etishni rag‘batlantirish. Issiqlik ta’minoti tizimi uchun issiqlik nasoslari yoki briketda ishlaydigan ekologik kotyollar kabi samarali va barqaror yechimlarni aniqlash va bu yechimlarni iqtisodiy siyosat va maqsadli dasturlar orqali ilgari surish uchun tadqiqotlar o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Bunday kompleks yondashuvni qo‘llash orqali Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari mahalliy o‘ziga xosliklarni hisobga olgan holda samarali va arzon investitsiyalarni amalga oshirishi mumkin hamda bu barqaror isitish tizimiga o‘tishni tezlashtiradi, deya ta’kidlagan Jahon banki tahlilchilari.