18-sentabr kuni UzAuto Motors O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt, Lacetti, Damas va Labo avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar berishni qayta ochdi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali “barcha mavjud rangdagi avtomobillarning qo‘shimcha partiyasini ishlab chiqarish va sotish imkoniyati o‘rganilganini” aytdi.

Atigi ikki soat ichida avtomobil yetkazib berish bo‘yicha 28 mingdan ortiq shartnoma tuzildi va savdo faqat avtosalonlarda amalga oshirildi, ya’ni bu safar xaridorlar onlayn tarzda shartnoma tuzish imkoniga ega bo‘lmadi. Natijada dilerlik shoxobchalarida yana uzun navbatlar yuzaga keldi.

Autostrada.uz nashrining qayd etishicha, mazkur tartib avtosalonlarning ayrim xodimlari uchun shartnomalarni xaridorlar ishtirokida yoki oldindan tayyorlangan ro‘yxatlar asosida emas, balki korrupsion sxemalar va suiiste’molliklarga yo‘l ochadi.

“Gazeta.uz”ning savoliga kompaniya matbuot xizmati ushbu qarorni olibsotarlarga qarshi kurashish bilan izohladi.

“Shartnoma tuzish uchun mavjud bo‘lgan avtomobillar hajmi, shuningdek, bir kishi uchun ommaviy onlayn shartnomalar tuzish bo‘yicha oldingi tajribani inobatga olgan holda, shartnomani faqat xaridorning shaxsiy ishtirokida tuzishga qaror qilindi. Bu qaror avtomobillarni qayta sotish uchun emas, balki haqiqiy iste’molchilarga taqdim etish imkoniyatini oshirish maqsadida qabul qilindi”, — ta’kidladi UzAuto Motors.

Avgust oyi boshida ham UzAuto Motors shartnoma berishni ochgandi va bir kundan keyin Cobalt, Lacetti va Damas uchun arizalarni qabul qilishni to‘xtatdi. O‘shanda 50 mingdan ortiq shartnoma tuzilgan. Ko‘plab avtosalonlarda uzun navbatlar paydo bo‘ldi.

Olibsotarlarga qarshi kurashish uchun kompaniya, agar bir kishi yiliga bir xil modeldagi ikkitadan ortiq avtomobil sotib olgan bo‘lsa, avtomobilni xaridorga yetkazib berish muddatini 120 kungacha oshirishini ma’lum qildi. Bunday holda, har bir keyingi mashina navbatning oxiriga ko‘chiriladi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi bu muddatni 270 kungacha oshirishni rejalashtirgan.