Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani mustahkamlanmoqda. Mazkur norma davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini yanada kengaytiradi. Shuningdek, islohotlarning tashabbuskori sifatida insonlar o‘zlarining kelajagi, orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim qarorlar qabul qilishda, jamiyatdagi muammolarni o‘z vaqtida hal etishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishlari uchun sharoit yaratiladi.

Qonun loyihasida parlament palatalari, qonun ijodkorligi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan. Loyiha bilan 13 ta qonun, 1 ta kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
  • prezidentning taqdimiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
  • bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish va boshqalar.

Fraksiya rahbarlarining spiker o‘rinbosari lavozimini egallashga oid kafolatli huquqidan voz kechish yo‘li bilan spiker o‘rinbosarlarining soni 7 nafardan 2 nafarga qisqartirilmoqda.

Bunda:

  • Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda. Bundan maqsad, fraksiyalarning mustaqilligini yanada oshirish hamda spiker o‘rinbosarlarining xolisligini ta’minlash hisoblanadi;
  • Fraksiya rahbari moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra spiker o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritildi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.