Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi arafasida O‘zbekistonning yangi elchisi Dilshod Axatov Berlinga keldi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

51 yoshli Dilshod Axatov O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasini 2020-yildan buyon boshqarib kelayotgan edi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchisi.

U TIV tizimida stajyor sifatida ish boshlagan hamda boshqarma va Bosh boshqarma boshlig‘i, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarigacha bo‘lgan mansab zinapoyasi bosqichlarini bosib o‘tgan.

2010−2013-yillarda u Germaniyada elchi va o‘rindoshlik bo‘yicha Shveysariya, Chexiya, Shvetsiya va Ispaniyada elchi bo‘lgan.

Dilshod Axatov 2017-yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan Nabijon Qosimov o‘rnini egalladi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev 28−30-sentabr kunlari amaliy tashrif bilan Berlinga borishi haqida xabar bergan edik. Uning federal kansler Olaf Shols va federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo va Germaniya davlat rahbarlarining uchrashuvlari rejalashtirilgan.