O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda temir yo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlar sur’ati iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi islohotlardan ortda qolayotgani, “bu sohada tub o‘zgarishlar qilish vaqti kelganini” ta’kidladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Iyul oyida Zufar Narzullayev “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga yangi rahbar etib tayinlangan edi. Sohada 30 ga yaqin “eskicha va tashabbuskor” rahbarlar “yangilanib”, samarasiz shtatlar qisqartirildi, deyiladi yig‘ilishda.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra 191 vokzaldagi “real holat” o‘rganilib, 500 nafar tadbirkor bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Natijada temir yo‘l sohasida yechimini talab qiladigan asosiy muammolar aniqlandi.

Jumladan, ayrim temir yo‘l korxonalari rentabelligi past, vagonlar parkining bir qismi ta’mirtalab va yangilanishga muhtoj, sohada xususiy sektor ishtiroki uchun zarur imkoniyatlar yaratilmagan, bilet sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va servisdan aholimiz norozi. Bularning barchasi sohani isloh qilish zaruriyatini ko‘rsatmoqda, deya ta’kidladi prezident

Yig‘ilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan temir yo‘l yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish imkoniyatini o‘rganish zarurligi qayd etildi. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qo‘shimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish darajasi pastligini ham ta’kidladi. Jumladan, yetti oy davomida yuk tashish xizmatlarining atigi 8 foizi elektron shaklda rasmiylashtirilgan, yo‘lovchi chiptalarining 57 foizi kassalar orqali sotilgan.

Bundan tashqari, markaziy stansiyalarga kirish cheklangan. Avtoturargohlar poyezd stansiyalaridan uzoqda joylashgan. Bekatlarda savdo va xizmat ko‘rsatish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.

Prezident poyezdlar to‘qnashuvining oldini olish uchun barcha avtomobil va temir yo‘l kesishmalarini nazoratga olish, yo‘l belgilari, to‘siqlar va videokuzatuv kameralarini o‘rnatishni topshirdi.

Davlat rahbari tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni xoldingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, jumladan, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2022-yil aprel oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasini transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Tarif siyosatini takomillashtirish va tashuvlarni franshiza asosida xususiy sektorga berish rejalashtirilgan edi.