Tojikiston hududlarida elektr ta’minotida ommaviy uzilishlar boshlandi, deb yozmoqda ASIA-Plus mahalliy aholiga tayanib.

Tursunzoda, Panjikent, Boxtar, Kulob, Dushanbe shaharlari hamda Tojikistonning qishloq tumanlari aholisi elektr energiyasi uzilishi haqida xabar bermoqda. Nashrning ta’kidlashicha, elektr toki kunduzi ham, kechasi ham o‘chmoqda.

Mahalliy energetika xizmatlari xodimlari uzilishlarni kelayotgan qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bilan izohlamoqda, biroq aholi uzilishlar to‘g‘risida oldindan ogohlantirilmayotganidan shikoyat qilmoqda, deya aniqlik kiritdi ASIA-Plus.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar, shuningdek, uni iste’molchilar o‘rtasida taqsimlash jarayonidagi talon-torojliklar kuchaygani bilan ham bog‘liq, deb yozadi nashr.

ASIA-Plus iqtibos keltirgan Tojikiston energetika kompaniyalari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida yo‘qotishlarning umumiy hajmi 2,4 mlrd kVt/soatdan ko‘proqni tashkil etgan. 2022-yilning xuddi shu davrida ham shunday ko‘rsatkich kuzatilgan.

Tojikistonda elektr ta’minoti cheklovi odatda oktabr oyining boshidan qish oxirigacha davom etadi va mamlakatning katta qismini qamrab oladi. Cheklov birinchi marta 1996-yilda kiritilgan.