Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda ko‘kyo‘tal bo‘yicha epidemiologik vaziyatni barqaror deb atadi. Bu haqda u Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida ta’kidladi.

Bir kun avval Uznews.uz sayti ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga tayanib, mamlakatda ko‘kyo‘tal avj olgani va Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada jimlik saqlayotgani haqida xabar bergandi. Toshkent shahrida beshdan ortiq yuqumli kasalliklar shifoxonasi mavjud, ammo ko‘kyo‘tal faqat 3-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanadi.

Infeksionist Baxtiyor Begmatov nashrga bergan intervyusida ko‘kyo‘talning tarqalishiga odamlarning (jumladan, dindorlarning) emlanishdan bosh tortishi sabab bo‘layotganini aytgan.

Nurmat Atabekov “hozir yurtimizda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yo‘q”, dedi.

“Ko‘kyo‘tal havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘ta yuqumli xastalik bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi. Unga chalingan bemorlarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yo‘tal xurujlari va qusish kuzatiladi”, — deya ta’kidladi mutaxassis.

Kasallik asosan yosh bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi, lekin kattalarda ham uchrashi mumkin, dedi u.

“O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marotaba pentavalent vaksina bilan (ko‘kyo‘tal, difteriya, qoqshol, gepatit V va XIB infeksiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan so‘ng, ya’ni 16 oylik davrida AKDS-4 bilan qayta revaksinatsiya qilinadi”, — deydi Nurmat Otabekov.

2023-yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘yicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaksina qabul qilgan. Xususan, yanvar-avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak bo‘lgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan.

“Ko‘kyo‘tal mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuz-qish davrida ko‘proq qayd etilishi mumkin va aksariyat hollarda emlanmaganlar (tibbiy cheklov va rad etish), to‘liq emlash kursini olmaganlar hamda ba’zi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan (seromanfiy) bolalarda kuzatiladi”, — dedi Nurmat Otabekov.

“Qisqa qilib aytganda, emlanmagan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. Shu bois ko‘kyo‘tal kam miqdorda bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida qayd etib turilishi tabiiy hol”, — dedi u.

Mutaxassisning tushuntirishicha, “ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali yengish mumkin. Buning uchun Milliy emlash kalendariga muvofiq, yosh bolalar emlanishi zarur”.

O‘zbekiston SSV ayni vaqtdagi ko‘kyo‘tal holatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni taqdim etmagan.