Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari (VSU) Sevastopoldagi Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasiga raketa hujumi uyushtirganini ma’lum qildi.

“Bugun tushdan keyin Kiyev rejimi Sevastopol shahri bo‘ylab raketa hujumi uyushtirdi. Raketa hujumini qaytarish vaqtida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan beshta raketa urib tushirildi. Hujum natijasida Qora dengiz flotining tarixiy shtab-kvartirasi shikastlangan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bir harbiy xizmatchi halok bo‘lgan”, — deyiladi xabarda. Keyinroq Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchining bedarak yo‘qolganiga aniqlik kiritdi.

“112” Telegram-kanalining xabar berishicha, hujum paytida olti kishi jarohatlangan. Anneksiya qilingan Sevastopol gubernatori Mixail Razvojayevning ta’kidlashicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketa zarbasi oqibatida qurbonlar yo‘q, shtab-kvartira atrofidagi fuqarolik infratuzilmasi ham zarar ko‘rmagan.

“Krыmskiy veter” Telegram-kanali shtab-kvartira jiddiy zarar ko‘rgani aks etgan suratlarni e’lon qildi. Binoning tomi va kamida bir qavati qulagan.

Ukraina Qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk Telegram`da: “Biz buni davom ettirishga va’da bergan edik”, — deb yozdi.

Ukraina qurolli kuchlarining strategik aloqalar markazi zarbani Ukraina harbiylari berganini tasdiqladi.

Ikki kun avval Ukraina Qrimdagi Verxnesadovo qishlog‘i yaqinida joylashgan Qora dengiz floti qo‘mondonlik punktiga hujum qilgan, binoning bir qismi vayron bo‘lgan edi.

13-sentabr kuni Ukraina armiyasi Sevastopol dengiz zavodiga hujum qildi, natijada “Minsk” desant kemasi va “Rostov-na-Donu” suv osti kemasiga jiddiy zarar yetdi.