Farg‘ona viloyati Furqat tumanida elektrobuslar ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha viloyat delegatsiyasining Xitoyga qilgan tashrifi doirasida kelishuvga erishilgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar qildi.

Tashrifi davomida jami 32 ta, shundan umumiy qiymati 1,37 mlrd dollar bo‘lgan 29 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.

Xususan, DongFeng Special Car Sompany bilan imzolangan kelishuv bo‘yicha Furqat tumanida 2 bosqichda yillik quvvati 1000 dona, qiymati 100 mln dollarlik elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Bu loyiha ortidan qiymati 50 mln dollarlik elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun Tunghsu Group kompaniyasi, qiymati 30 mln dollarlik Dongfeng elektrobuslariga akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihasi bilan Jiangxi Anchi New Energy Technology Co. Ltd kompaniyalari Farg‘ona viloyatiga kirib keladi.

Sanoat sohasida misdan tayyor mahsulot, qishloq xo‘jaligi texnikasi, bolalar tagliklari, kafel, keramogranit, temir profillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 112 mln dollar bo‘lgan 7 ta loyiha doirasida kelishuvlar imzolandi. Bunda Jianhua Ceramics kompaniyasi tomonidan “Qo‘qon” EIZ hududida amalga oshiriladigan qiymati 25 mln dollarlik yuqori sifatli va turli o‘lchovdagi kafellar ishlab chiqarish loyihasini alohida qayd etish lozim.

Charm-poyabzal va mebelsozlik bo‘yicha umumiy qiymati 26 mln dollar bo‘lgan 7 ta, shu jumladan, Foshan shahar mebelchilar uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan Toshloq tumanida loyiha qiymati 10 mln dollar bo‘lgan mebel ishlab chiqarish korxonasi va shourum qurish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Bag‘doddagi White Chicken House MCHJ va Xitoyning China Broken Shield Ltd kompaniyalari o‘rtasida parranda go‘shtlari va ikkilamchi qismlarini Xitoyga eksportini yo‘lga qo‘yish uchun investitsiya kiritish (5 mln dollar), mavjud obyektni moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yuqoridagilardan tashqari, sun’iy baliq havzalariga intensiv texnologiyani qo‘llab hosildorlikni oshirish, hamda baliqchilik hovuzlari ustiga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha Taijia Industry (Shenzhen) Co., Ltd kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi. Kompaniya rahbari boshchiligida investorlar guruhi kelgusi oylarda Farg‘ona viloyatiga kelib o‘rganish ishlarini boshlaydi.