Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li metro bekatining ikkala kirish qismida yo‘lkirani odam yuzi orqali to‘lasa bo‘ladigan Face ID qurilmasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Tizim Transport vazirligi, ATTO to‘lov tizimi, “Aloqabank” hamda Rossiyaning VisionLabs ishlab chiqaruvchi kompaniyasi hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.

ATTO tizimi rahbari o‘rinbosari Gafur Nurmatovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, yuz orqali pul to‘lash yo‘lovchilarga naqd pul yoki transport kartasi qolib ketgan vaqtlarda qo‘l keladi. Fuqaro yuzini qurilmaga tutadi, tizim uning yuzini aniqlab, ATTO karta hisobidan pul yechib oladi.

Yo‘lkirani Face ID orqali to‘lash uchun yo‘lovchi ATTO mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Buning uchun ilovani yuklab olish, agar u mavjud bo‘lsa, yangilash kerak. Undan so‘ng yuzni skaner qilib, transport kartasi (yoki virtual karta) bilan bog‘lash lozim.

Rasmga tushayotganda yuzni ko‘zoynak yoki soch to‘sib qo‘ymasligi maqsadga muvofiq.

To‘lovni amalga oshirishda terminalda o‘rnatilgan ekran kamerasiga 50 santimetr oraliq masofada yaqinlashish va skaner qurilmasi tanib olishi uchun 1−3 soniya kutish kerak. Shundan so‘ng “o‘tish” xabari paydo bo‘lgach, yo‘l haqi yuz biometrik ma’lumotlar bog‘langan transport kartasidan yechib olinadi.

Tizim mas’ullari bu tizim hozir faqat Buyuk ipak yo‘li metro bekatida ishlayotgani, u sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa bekatlarda ham paydo bo‘lishini ma’lum qildi.