Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Chust tumanida yuz bergan bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holatdan qattiq tashvishda, ular tez fursatda sog‘ayib ketishini tilaydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.

“Davlat rahbari bu boradagi vaziyat to‘g‘risida axborotni muntazam olib bormoqda. Viloyat hokimi va mas’ullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan”, — deyiladi xabarda.

“Gazeta.uz” bir kun avval hududdagi 9 ta bog‘cha hamda 2 ta maktabning 70 dan ortiq tarbiyalanuvchi va o‘quvchisi zaharlanish alomatlari bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida yozgan edi. Holatga tarkibida yod mavjud bo‘lgan “Antistrumin” mahalliy dori vositasi sabab bo‘lgani gumon qilinmoqda. Juma kunidan o‘rganishlar natijalariga qadar preparatni qo‘llash taqiqlandi.

Shu haftadan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab bolalarni yodlash bo‘yicha haftalik dasturi ishga tushirildi.