Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani 25 foizdan 30 foizgacha oshirdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida xabar berildi.

“Qo‘mita [Pul-kredit siyosati qo‘mitasi] inflyatsiyani imkon qadar tezroq pasayish yo‘nalishiga qaytarish, inflyatsiya kutilmalarini mustahkamlash va narx siyosati yomonlashuvini nazorat qilish maqsadida pul-kredit siyosatini kuchaytirish jarayonini davom ettirishga qaror qildi”, — deyiladi regulyator bayonotida.

Mamlakat Markaziy bankining qayd etishicha, iyul-avgust oylarida inflyatsiya ko‘rsatkichlari kutilganidan yuqori bo‘lgan. Ichki talabning yuqoriligi, xizmat ko‘rsatish va neft mahsulotlari narxlarining barqaror o‘sishi, shuningdek, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalarining yomonlashishi inflyatsiya o‘sishi bo‘yicha qo‘shimcha risklarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya prognoz diapazonining yuqori chegarasiga yaqin shakllanishi kutilmoqda.

“To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, yaxshilangan tashqi moliyalashtirish sharoitlari, valyuta zaxiralarining o‘sishda davom etishi, turizm daromadlarining joriy balansga ijobiy ta’siri va turk lirasidagi aktivlarga ichki va tashqi talabning ortib borishi narxlar barqarorligini oshirishga katta hissa qo‘shadi”, — deya qayd etgan regulyator.

Markaziy bank inflyatsiyani barqarorlashtirish uchun o‘z ixtiyorida bo‘lgan barcha vositalardan “qat’iyat bilan foydalanishga” va’da bergan.

So‘nggi yillarda Turkiya regulyatori prezident Erdog‘anning “past qarz xarajatlari” siyosati ta’siri ostida foiz stavkasini muntazam pasaytirib kelayotgandi. Bu, o‘z navbatida, chuqur inflyatsiya, yashash xarajatlarining ko‘tarilishi va investorlarning mamlakatni tark etishiga olib keldi.

Mamlakat prezidentligiga qayta saylangan Rejep Tayyip Erdog‘an Mehmet Shimshekni g‘aznachilik va moliya vaziri etib tayinlagani hamda Markaziy bank rahbarligini Hafize Gaye Erkanga ishonib topshirganidan so‘ng mutaxassislar va jamoatchilikda pul-kredit siyosatining an’anaviy yo‘nalishga qaytilishi, moliyaviy vaziyatning barqarorlashuviga umid uyg‘ondi.

Hafize Erkan regulyatorga yetakchilik qilishni boshlaganidan buyon asosiy stavka 2021-yil mart oyidan beri ilk marta ko‘tarildi. Shundan so‘ng regulyator stavkani ketma-ket jami to‘rt bor ko‘tardi va 8 foizdan 30 foizgacha yetkazdi.