Qozog‘iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi ilk bor xorijdan moliyalashtiriladigan shaxslar ro‘yxatini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Informburo.kz. Bir qator mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uni Rossiyaning “xorijiy agentlar” reyestri muqobiliga o‘xshatmoqda.

Ro‘yxatning 20-sentabrdagi birinchi tahririda “xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, shuningdek, chet el fuqarolaridan pul yoki boshqa mol-mulk oluvchi” 242 nafar shaxs hamda tashkilot kiritilgan. Ular orasida Qozog‘istondagi taniqli jurnalistlar, jamoat arboblari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari bor, deb yozadi nashr.

Xususan, reyestrga Inson huquqlari bo‘yicha Qozog‘iston xalqaro byurosi, Erkindik Qanaty jamg‘armasi, Reuters vakolatxonasi, Masa.Media nashri va boshqalar kiritilgan.

Bundan tashqari, ro‘yxatga “Gazprombank”ning (Rossiya) Qozog‘istondagi vakolatxonalari, “Kiyev vitamin zavodi” va Niderlandiyaning Markaziy Osiyodagi silga qarshi kurash bo‘yicha qirollik markazi kiritilgan.

Qozog‘iston qonunchiligi reyestrga kiritilgan tashkilotlar va shaxslarga hozircha hech qanday cheklovlar qo‘ymaydi.

2018-yildan boshlab Qozog‘iston soliq qonunchiligi davlat organlariga xorijdan moliyalashtirish bo‘yicha hisobot berishni talab qiladi. 2022-yil mart oyida bunday mablag‘ olgan shaxslar reyestri ochiq e’lon qilinishini talab qiluvchi tuzatishlar qabul qilindi. Hukumat o‘shanda bu chora “fuqarolarning davlatga ham, nodavlat tashkilotlarga ham ishonch darajasini oshirishga qaratilgani” bilan izohlagan edi.

Qirg‘iziston ham “xorijiy agentlar” reyestrini yaratishga harakat qilmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi may oyidan beri Jogorku Keneshda ko‘rib chiqilmoqda. Hujjatda “Xorijiy vakil funksiyalarini bajaruvchi NNT” tushunchasini joriy etish taklif etiladi.

Kaktus.media nashrining qayd etishicha, agar qonun loyihasi qabul qilinsa, nafaqat siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi NNTlar, balki ayrim masalalar bo‘yicha “jamoatchilik fikrini shakllantirishda” ishtirok etayotganlar ham “xorijiy agent” hisoblanadi.