19-sentabr kuni Nyu-York shahrida o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya bilan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga to‘xtaldi.

жанубий корея, шавкат мирзиёев, юн сок ёль

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 24 foizga ko‘paygan. O‘zbekistonda qariyb mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreyadan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko‘p yillar davomida samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etgani yuqori baholangan.

“Uchrashuvda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infatuzilma, „yashil“ energetika, raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi”, — deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Koreya prezidenti Yun Sok Yolni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.