O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasiga ispaniyalik Xose Venansio Lopes bosh murabbiy etib tayinlandi. U terma jamoani 2024-yil O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi. Murabbiy bilan shartnoma Jahon chempionati oxiriga qadar imzolandi.

Ispaniyalik mutaxassis terma jamoada ishlash bilan bir qatorda UEFA va FIFA instruktori sifatida mahalliy murabbiylarni tayyorlash, terma jamoalarga futzalchilar yetkazib berish bo‘yicha tizim ishlab chiqish, infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, Jahon chempionatining tashkiliy yo‘nalishlarida ham o‘z tajribasi bilan ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Hozircha faqatgina tashkiliy ishlar bilan band bo‘laman, jamoa bilan Osiyo kubogi saralash bosqichidan so‘ng mashg‘ulotlarni boshlayman. Unga qadar hozirgi bosh murabbiy Bahodir Ahmedov jamoa bilan ishlaydi. O‘ylaymanki, bir jamoa bo‘lib ishlasak, albatta, ko‘zlangan natijaga erishamiz. O‘zbekiston terma jamoasi bilan yaxshi tanishman. Chunki Ispaniya terma jamoasi murabbiyi sifatidagi debyut o‘yinim aynan O‘zbekistonga qarshi bo‘lgan. Litvadagi Jahon chempionati oldidan Ispaniyada tashkil etilgan yig‘inda ham jamoaning uslubini o‘rganib chiqqanmiz”, — dedi mutaxassis.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etishi aniq, biroq Osiyo kubogida eng yuqori o‘rin maqsad qilingan.

Xose Venansio Lopes 1965-yil 27-iyunda tug‘ilgan. 2007-yilda Lopes Ispaniya terma jamoasini boshqara boshlaganidan ikki oy o‘tgach, 2007-yilgi Yevropa chempionatida jamoa bilan g‘alabaga erishgan. 2008-yilgi jahon chempionatida u boshqargan ispanlar 2-o‘rinni olgan bo‘lsa, 2010-yilgi Yevropa chempionatida yana chempion bo‘lgan.