Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida yana bir bor xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi.

“Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqdir”, — deydi u. “Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda”.

“Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish katta xato bo‘ladi. Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda”, — dedi prezident.

“Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz”, — dedi u.

“Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etishda birlashishga chaqirdi.

“Bu borada BMT rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilash prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman”, — dedi u.