O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda 18-sentabr kuni Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelni qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

шарль мишель

Tomonlar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda qabul qilish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan uzoq muddatli ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish orqali chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yevrokengash prezidenti Sharl Mishel Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda O‘zbekiston rahbari yetakchi rol o‘ynayotganini qayd etdi.

Samarali xalqaro transport yo‘laklarini, xususan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, shu jumladan afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev va Sharl Mishel avvalroq iyun oyida Cho‘lponotada (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining ikkinchi sammitida uchrashgan edi. 2022-yil oktabr oyida Sharl Mishel O‘zbekistonga tashrif buyurgan.