18-sentabr UzAuto Motors rasmiy saytida ko‘rsatilgan komplektatsiya va ranglardagi Chevrolet Cobalt, Lacetti, Damas va Labo avtomobillari uchun kontraktatsiya ochildi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Kompaniya ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida barcha mavjud ranglardagi Cobalt, Lacetti, Damas va Labo avtomobillarining qo‘shimcha partiyasini ishlab chiqarish va sotish imkoniyatlarini ishlab chiqqan.

Avtomobillar uchun shartnomani Chevrolet`ning vakolatli dilerlik markazlarida tuzish mumkin. Ularning soni esa cheklangan.

“Agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, kompaniya shartnomaning 3.1.2 bandiga asosan avtomobillarni yetkazib berish muddati uzaytiradi. Shu munosabat bilan, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to‘liq tanishib chiqishlarini iltimos qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bir oy avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha dilerlik markazlari xaridorlarga avtomobillarini muddatidan oldin yetkazib berishni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, 4-avgust kuni soat 17:30 da kompaniya avtomobillar uchun shartnomalar chiqarish qayta tiklangani va yangi konfiguratsiyalar joriy etilganini, 5-avgust kuni soat 15:57 da esa 2023-yil uchun qo‘shimcha partiyaga to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qilgandi.

Oradan vaqt o‘tib, UzAuto Motors yil oxirigacha 50 mingdan ortiq avtomobil egalariga topshirilishini ma’lum qilgandi. 2024-yildan esa avtomobillar shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy ichida yetkazib berilishi va’da qilgan.