O‘zbekiston bo‘ylab 3082 ta, poytaxtning o‘zida esa 2984 ta reklama va axborot obyektlari hech qanday hujjatlarsiz joylashtirilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Mamlakatda jami 16 832 ta tashqi reklama va axborot obyektlari mavjud bo‘lib, shundan 11 144 tasi yoki 66 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. O‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra, ularning 9905 tasi (58,8 foizi) belgilangan talablarga mos emasligi aniqlangan (shundan 6004 tasi Toshkent shahrida).

Xususan, ularning 3082 tasi (31,1 foizi) noqonuniy, hech qanday hujjatlarsiz joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 2984 tani tashkil etgan.

Ta’kidlanishicha, 4646 ta tashqi reklama obyektlari bo‘yicha ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qaror talablariga moslashtirish yoki ixtiyoriy ravishda demontaj qilish yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan konstruksiya egalariga 1825 ta ko‘rsatma xatlari kiritilgan.

Qo‘mita, Toshkent shahar va tumanlar hokimlarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar avgust oyida o‘rganish ishlari olib borgan. Xususan, Toshkent shahrida tashqi reklama obyektlaridagi reklamalarning davlat tilida bo‘lishini ta’minlash yuzasidan jami 745 ta monitoring o‘tkazilgan.

Shundan 159 ta (21,3 foiz) holatda reklamaning, 339 ta holatda (45,5 foiz) peshlavhalarning va 39 ta (5 foiz) holatda boshqa e’lon va matnlarni boshqa tillarda berilgani aniqlangan. 108 ta holatda kamchiliklar ixtiyoriy bartaraf etilib, qolgan kamchiliklarni bartaraf etilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.