Sakkiz oy yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi qariyb 40 trln so‘mga yetdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lumoti bunga guvohlik bermoqda.

Bu yerda gap faqat davlat budjeti haqida ketmoqda. U davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘larini ham o‘z ichiga oluvchi konsolidatsiyalashgan budjetning bir qismidir. Avvalroq konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari va xarajatlari haqida ma’lumot bergan edik.

2023-yilning olti oyida davlat budjeti daromadlari 102,3 trln so‘m (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,1 foizga ko‘p), xarajatlari 129,1 trln so‘mdan (+25,3 foiz) oshgan edi. Ya’ni, davlat xarajatlari daromadlardan ikki baravar tez o‘sib bormoqda.

Shunday qilib, davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 27,4 trln so‘mga oshib ketdi. Mamlakat YAIM hajmi ushbu davrda 469,9 trln so‘mni tashkil etgani inobatga olinsa, davlat budjeti taqchilligi 5,83 foizga yetdi.

O‘tgan ikki oyda (iyul-avgust) Davlat budjeti daromadlari 38,1 trln so‘mni, xarajatlari 50 trln so‘mni tashkil etdi. budjet taqchilligi 12,2 trln so‘m miqdorida qayd etildi.

Ma’lumotlar umumlashtirilsa, sakkiz oyda davlat budjeti taqchilligi 39,6 trln so‘mni tashkil etadi. Avgust oyi uchun YAIM bo‘yicha ma’lumotlar hali e’lon qilingani yo‘q, shuning uchun YAIMga nisbatan kamomad keyinroq oydinlashtiriladi.

Ta’kidlash joizki, hukumat joriy yil yakuni bo‘yicha davlat budjeti daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi ijobiy farq (profitsit) 4,2 trln so‘mga teng bo‘lishini prognoz qilgan edi. Xususan, 2023-yilda daromadlar 232,1 trln so‘m, xarajatlar 227,9 trln so‘mni tashkil etishi kerak edi.

Avgust oyida QQSni qaytarish hajmi qariyb 1,5 trln so‘mga — 985 mlrd so‘mdan 2,4 trln so‘mga keskin oshdi. Oy davomida QQS tushumlari ham 4,52 trln so‘mdan 3,97 trln so‘mga, daromad solig‘i tushumlari esa 3,7 trln so‘mdan 3,08 trln so‘mga kamaygan. Bu yo‘qotishlar 3,3 trln so‘mdan 6,1 trln so‘mgacha oshgan boshqa daromadlar hisobidan qoplandi (davlat korxonalaridan olingan dividendlar yoki xususiylashtirishdan olingan daromadlar bo‘lishi mumkin).

budjetning xarajatlar qismi ijtimoiy xarajatlar hisobiga ko‘payib, bir oy davomida 9,5 trln so‘mdan 14,6 trln so‘mga o‘sdi. To‘langan ijtimoiy nafaqalar hajmi 1,7 trln so‘mdan 2,8 trln so‘mga, subsidiyalar salkam 600 mlrd so‘mga, qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 349 mlrd so‘mdan 884 mlrd so‘mga, investitsion xarajatlar 2,4 trln so‘mdan 4,7 trln so‘mga oshdi.

Avval xabar berganimizdek, prezident qarori loyihasida 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining maksimal hajmini YAIMga nisbatan 3 foizdan 5 foizga yoki 53,4 trln so‘mgacha oshirish taklif etilgan. Agar hukumat yana xarajatlar chegarasini bajara olmasa, bu davlat xarajatlarining 1,8 mlrd dollarga oshishiga olib keladi.

Birinchi yarim yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi 5,7 foizni tashkil etdi — xarajatlar daromadlardan 26,9 trln so‘mga oshdi. Bu 2020-yilgi pandemiya, shuningdek, 2021−2022-yillardagi ko‘rsatkichlardan ko‘pdir. Yillar davomida hukumat hech qachon taqchillik chegarasini ushlab tura olmagan.