Kelgusi hafta Nyu-Yorkda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo−AQSh” (C5+1) formatidagi birinchi sammit “hech bir davlatga qarshi qaratilmagan”. Bu haqda 15-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi 78-sessiyasida nutq so‘zlaganidan so‘ng Markaziy Osiyoning beshta davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari bilan ilk bor uchrashuv o‘tkazadi, dedi Jeyk Sallivan.

“Aslida, „C5+1“ [dialog formati] 2015-yilda boshlangan. Keyingi yillarda u yanada mustahkamlandi. Va endi biz birinchi marta yetakchilar darajasidagi uchrashuvni ko‘ramiz”, — dedi u.

“Ushbu ilk prezident sammiti yetakchilarga mintaqaviy xavfsizlikdan tortib savdo va aloqalar, iqlim o‘zgarishi hamda boshqaruv va qonun ustuvorligini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlargacha bo‘lgan bir qator masalalarni muhokama qilish imkonini beradi”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti maslahatchisi.

Jurnalistlardan biri sammitni Xitoyga signal sifatida ko‘rish kerakmi va undan qanday natijalar kutilmoqda, degan savoliga Jeyk Sallivan shunday javob berdi: “Mana, bu sammit hech bir davlatga qarshi qaratilgani yo‘q. Bu biz ishlashni istagan mamlakatlar bilan bo‘ladigan ijobiy kun tartibi haqida”.

“Biz qo‘shma bayonot natijasini kutamiz, unda asosiy sohalarda birgalikda ishlash niyatidamiz va Qo‘shma Shtatlar buni samarali amalga oshirish uchun ma’lum resurslarni taqdim etadi”, — dedi maslahatchi.

Jo Bayden Shavkat Mirziyoyevni avgust oyida sammitga taklif qilgan edi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati yaqinda davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ham so‘zga chiqib, qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi haqida xabar bergandi.