O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan bir kun avval qabul qilingan banklar va tadbirkorlik subyektlari uchun valyuta operatsiyalariga cheklovlar joriy etish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinganini ma’lum qildi.

“Bir kun avval bank qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan qaror qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Eng muhimi, bu qaror yuzasidan ijobiy fikrlarni ko‘rmadik”, — dedi Markaziy bank rahbari.

“Biz bu qaror bo‘yicha ijobiy qarashlar, fikrlarni ko‘rmadik. Falsafada shunday tushuncha bor: jamiyat qabul qilmagan qaror, bu noto‘g‘ri qaror. U qaysi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishidan qat’iy nazar, biz xuddi shu tamoyildan kelib chiqib, kechasi bilan o‘tirib, bank qo‘mitasini to‘pladik. Ushbu qarorni bekor qilish bo‘yicha qo‘mita qaror qabul qildi”, — dedi Nurmuratov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “liberalizatsiyadan ortga qaytish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”.

“Buni unutinglar, bu tarix. Hech qanday ortga qaytish bo‘lmaydi. Maqsad komplayensni kuchaytirish edi, konvertatsiyani cheklash emas”, — deya tushuntirdi Mamarizo Nurmuratov.