Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya va AQSh vakillari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini tuzishga harakat qilgan Xidirnazar Allaqulov bilan uchrashdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

“14-sentabr kuni Yevropa Ittifoqi diplomatik missiyasi, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSh elchixonalari rasmiylari Xidirnazar Allaqulov bilan uchrashib, O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish jarayonini muhokama qildi”, — deyiladi AQSh diplomatik missiyasi xabarida.

“Biz Qo‘shma Shtatlarda konstruktiv muxolifat samarali faoliyat yuritayotgan hukumat uchun muhim omil deb hisoblaymiz. Janob Allaqulovning siyosiy partiyani O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlarini muhokama qilish imkoniyatini esa yuqori baholaymiz”, — deya ta’kidlaydi AQSh elchixonasi. Boshqa elchixonalar uchrashuv haqida izoh bermadi.

Avgust oyida O‘zbekiston Adliya vazirligi fuqarolarning imzosi yetarli bo‘lmagani uchun “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etgan. O‘zbekistonda partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming imzo talab qilinsa, bu partiyaning faqat 2517 ta imzosi qonunchilikka muvofiq deb topilgan.

Bungacha Allaqulov may oyida partiyani ro‘yxatidan o‘tish uchun ariza bergan, biroq ayni shu sababga ko‘ra rad etilgandi.

2021-yil iyun oyida ham Adliya vazirligi imzolar yetarli miqdorda bo‘lmagani sababli “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etgan.