Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Akilbek Japarov yaqinlashib kelayotgan isitish mavsumida avariyalar ro‘y bersa, amaldorlarni zudlik bilan ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi. Bu haqda mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

“Qish kutilmaganda keldi, deganingizni eshitmay. Qish mavsumiga tayyorgarlik 100 foiz bo‘lishi kerak. Agar o‘tgan yilgi Mayluu-Sudagidek holat takrorlansa, ishdan bo‘shaysizki, idoragacha ham yetib bora olmaysiz”, — dedi Japarov Vazirlar Mahkamasining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida.

O‘tgan yilning yanvar oyida hukumat Jalolobod viloyatining Mayluu-Suu shahrida favqulodda holat joriy qilgan edi. Havo sovuq bo‘lgani uchun u yerda suv quvurlari muzlab qolgan, shahar elektr stansiyasiga suv oqib kelmay qolgan, issiqlik ta’minoti to‘xtagan. Oqibatda ko‘p qavatli uylarda yashovchi 1800 dan ortiq aholi issiqliksiz qolgan.

Vazirlar Mahkamasi rahbari, shuningdek, aholi o‘rtasida elektr energiyasini tejash yuzasidan “tushuntirish ishlarini olib borish” bo‘yicha topshiriqlar berib, “har bir fuqaro” va “ayniqsa, davlat muassasalari” isitish mavsumiga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

O‘tgan haftada Japarov Qirg‘iziston aholisini qishda suv kamligi sababli energiya tanqisligi kutilayotgani bois elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishga chaqirgan edi. U mamlakatda yangi GESlar qurilayotganini ta’kidlab, aholidan “yana uch yil sabr qilishlarini” so‘radi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik “odatdagidek davom etayotganini” ma’lum qildi va “respublika bo‘ylab elektr toki uzilishi bo‘lmaydi”, deya ishontirdi.