Toshkent shahri Yashnobod tumanida uy-joy bilan bog‘liq firibgarlik yuz bergani, 9 ta xonadon 39 kishiga sotilgani haqida “Daryo” surishtiruvi e’lon qilingandi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan poytaxt prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazmoqda.

Maqolada ko‘rsatilgan holatlar to‘liq, xolisona o‘rganilib, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi, deyiladi BP xabarida.

O‘zi nima gap?

Qayd etilishicha, bir guruh fuqarolar Zohmir Group nomli qurilish kompaniyasi ustidan shikoyat qilgan. Unda yangi qurilayotgan 9 ta xonadondan iborat 3 qavatli uy 39 nafar fuqaroga pullangani keltirilgan.

Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ular Zohmir Group kompaniyasiga pullarni notarius orqali topshirgan. Shartnomalar ham qilingan.

Murojaatchining ma’lum qilishicha, qurilayotgan uyning oldi-sotdi qilish shartnomasi 2020-yil tuzilgan bo‘lib, u 2 xonali uyga 190 million (o‘sha paytdagi qiymatga ko‘ra, 17 ming dollar) to‘lagan.

“Qurilish tashkiloti bizga va’da qilgan uylarni 2022-yilning may-iyun oylarida topshirishi kerak edi. Lekin 2023-yil keldi hamki, uy qurilishi qanday holatda bo‘lsa, shunday turibdi. Hech narsa o‘zgarmagan. Biz aytilgan muddatdan o‘tgach, quruvchidan uyimiz qani, qachon tayyor bo‘ladi deb so‘raganimizdan so‘ng boshqa qiziq-qiziq muammolar paydo bo‘lmoqda. Aniqlanishicha, bizga sotilgan uylar yana 4−5 kishiga sotilgan ekan”, — deydi murojaatchilardan biri.

Fuqarolar ulardan Aziz Aliyev ismli shaxs pullarni olganini bildirdi.

“Keyin bilsak, ular ko‘pchilik ekan. Ular uyushgan guruh tuzib, pullarimizni boshqa sohaga ishlatib yuborishganmi, bizdan qochib yurishibdi. Ularni topolmayapmiz. Shu sabab ichki ishlarga, prokuraturaga murojaat qildik”, — deydi ular.

Fuqarolardan biri 2 xonali uy uchun 25 ming dollar pulni oldindan to‘lagani ma’lum qilgan.

Yana bir murojaatchi mazkur qurilish kompaniyasidan uy olish niyatida to‘lov qilgan fuqarolar uy olish uchun yashab turgan xonadonlarini ham sotgani va ayni kunda ko‘chada qolganini ta’kidlagan.

Murojaatdan so‘ng surishtiruv doirasida fuqarolarni aldagani aytilayotgan Aziz Aliyev bilan suhbatlashilgan. U norozi fuqarolarning pullari qaytarib berilayotgani, uy aslida 5 qavatli bo‘lishi kerak bo‘lganini ta’kidlagan.

“Lekin uyni 3 qavat qilib qurdik. Uyning qavatlari soni o‘zgargach, loyihani o‘zgartirdik. Shu sabab fuqarolarning pullarini vaqtida qaytarib berolmadik. Ayni kunga kelib, ko‘pchiligining pulini qaytarib berdik”, — degan Aziz Aliyev.

Qurilish tashkiloti rahbari 39 kishidan pul olganini, anchasiga mablag‘i qaytarilganini tasdiqlagan. Ammo 9 ta xonadon 39 kishiga sotilganini rad etgan.

“Uy-joy uchun Aziz Aliyevga naqd pul to‘lagan fuqarolar notarius orqali buni tasdiqlatib, qarz shartnomasi tuzilganini bildirdi. “Daryo”ning bu haqdagi savollariga javob qaytargan notarius qarz shartnomasi fuqarolarning uy uchun to‘lov qilganini tasdiqlab, pullarning qachon qaytarilishi ham ko‘rsatilganini aytdi. Fuqarolarning pul bergani qarz shartnomasi orqali tasdiqlanadi. Va bu pullar qachon qaytarilishi lozimligi ham shartnomada ko‘rsatilgan bo‘ladi. Pul oldi-berdisi notarius orqali tasdiqlangani fuqarolarning yutug‘i bo‘lgan aslida”, — deyiladi maqolada.

Avvalroq bir guruh toshkentliklar 8 ta uy qurayotgan Aziya Invest Favorit ustidan prezidentga murojaat yo‘llagandi. Unga ko‘ra, kompaniya kredit olish maqsadida sotilgan kvartiralarni garovga qo‘ygan, banklar esa kredit to‘lanmangani uchun uy-joylarni olib qo‘ygan. 1000 kishi ko‘rgan zarar 300 mlrd so‘mdan oshishi mumkinligi keltirilgan.

Shundan so‘ng Toshkentdagi 1100 ga yaqin aldangan hissadorlar muammosini hal etish uchun tuzilgan hukumat komissiyasi bankka garovga qo‘yilgan kvartiralarni quruvchining boshqa mulklariga almashtirish, qurilishni boshqa quruvchilarni jalb etgan holda yakunlash yoki mulkni sotish orqali yetkazilgan zararni qoplashni taklif qilgan.