Yevroparlament rezolyutsiya qabul qildi, unda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni olib chiqishda sherik deb tan oldi va Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudni (XJS) uni hibsga olishga order berishga chaqirdi.

Gap 2000 nafardan ortiq “ruslashtirish va mafkuraviy targ‘ibotga uchragan” bolalarni Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan viloyatlaridan Belorusdagi sog‘lomlashtirish lagerlariga noqonuniy olib kelingani haqida bormoqda. Ular orasida yetimlar ham bo‘lgan. Lukashenko va uning rejimining bu harakatlari, rezolyutsiyada qayd etilganidek, aholini deportatsiya qilish yoki majburan ko‘chirish ko‘rinishidagi insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lishi mumkin.

“Yevropa parlamenti Lukashenkoni Vladimir Putin va Mariya Lvova-Belova kabi ushbu harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb hisoblaydi va shu sababli XJSni Lukashenkoni hibsga olish uchun xuddi shunday xalqaro order berish masalasini ko‘rib chiqishga chaqiradi”, — deyiladi hujjatda.

2023-yil mart oyida Gaagadagi Xalqaro sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Ular ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda. Iyul oyi oxirida Lvova-Belovaning xabar berishicha, 2022-yil fevral oyida urush boshlanganidan beri Rossiya Ukrainadan 700 mingdan ortiq bolani olib ketgan. Ukraina Milliy axborot byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda voyaga yetmaganlarni deportatsiya qilish yoki majburan ko‘chirish bo‘yicha 19,5 mingta holat qayd etilgan.

Bundan tashqari, Yevropa parlamenti “Lukashenko rejimining Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz va noqonuniy bosqinchilik urushidagi ishtirokini”, shuningdek, “nafratni qo‘zg‘atish, dezinformatsiya va Moskvaning jangovar ritorikasini aks ettiruvchi tashviqotini” keskin qoraladi.

Rezolyutsiyada, shuningdek, Lukashenko rejimining Rossiya armiyasiga o‘q-dorilar va harbiy texnika ko‘p miqdorda yetkazib berilishi hamda Rossiya qo‘shinlarining Belarusga kiritilishi qoralanadi.

“Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz tajovuzkor urushiga yo‘l qo‘yib, Lukashenko rejimi Rossiya tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga sherik bo‘ldi, bu Ukrainaga yetkazilgan vayronagarchilik va zarar uchun javobgarlikni nazarda tutadi”, — deyiladi rezolyutsiyada.

Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomonidan Ukrainaga nisbatan sodir etilgan bosqinchilik jinoyati bo‘yicha maxsus xalqaro tribunal “nafaqat Putin va Rossiya siyosiy va harbiy rahbariyati, balki Belarus rahbariyati ham jinoyatlarini tergov qilish vakolatiga ega bo‘lishi kerak”.

Yevropa Ittifoqi 2020-yilda Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalari ya’ni Aleksandr Lukashenko g‘olib deb e’lon qilinganini tan olmaydi va ovozlar soxtalashtirilgan deb hisoblaydi. Yevroparlament tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya matnida Belarus rahbariyatiga nisbatan “Aleksandr Lukashenkoning noqonuniy rejimi” atamasi qo‘llangan.