O‘zbekistonda davlat organlari rahbarlari faoliyatini jamoatchilik fikri asosida baholash yo‘lga qo‘yiladi Bu haqda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi prezident farmonida belgilandi.

Strategiyaning to‘rtinchi yo‘nalishda qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha bir necha maqsadlar qo‘yilgan.

Xususan, davlat fuqarolik xizmatini meritokratiya (boshqaruv tamoyili bo‘lib, shaxslarning ijtimoiy kelib chiqishi va moliyaviy holatidan qat’i nazar, davlat boshqaruvida rahbarlik lavozimlarini eng qobiliyatli va munosiblar egallashi zarur, degan mazmunni anglatadi), halollik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etish maqsadida:

  • davlat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosalarlari faoliyatini jamoatchilik fikri asosida baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • Milliy kadrlar zaxirasida rahbarlik lavozimiga nomzodlar soni kamida ming nafarga yetkaziladi;
  • “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan fuqarolik xizmati tizimini to‘liq ishga tushirish doirasida ushbu tizim bilan 70 dan ortiq davlat organlari qamrab olinishi ta’minlanadi;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarini uzluksiz malaka oshirib borish tizimi bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi samadorligini oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlarni qog‘oz shaklida ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.

Barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda, shu jumladan, tegishli mobil ilova orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Murojaatlarning kamida 80 foizini mahalliy darajada qanoatlantirish ta’minlanadi.

Avvalroq “Gazeta.uz” prezident “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlagani haqida yozgan edi. Hujjatda aytilishicha, u “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida” ishlab chiqilgan.