Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Ascendant group kompaniyasi qurilish maydonidagi 10 tup daraxtning qurib qolishiga sababchi bo‘lib, o‘simlik dunyosiga 248 mln 94 ming so‘m zarar yetkazdi.

Poytaxt ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, boshqarma 24-fevral kuni tashkilot qurilish qilayotgan hududdagi 30 tup daraxtni xatlovdan o‘tkazgan va ularga zarar yetkazmaslik haqida ogohlantirgan. Biroq, shunga qaramay, tashkilot qurilish ishlarini olib borish jarayonida qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ygan.

Hududda jami 3 tup o‘rik, 2 tup gilos, 1 tup xurmo daraxti hamda 3 tup chinor, 1 tup shumtol o‘sishdan to‘xtaydigan darajada shikastlantirilgan.

Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berilishi uchun prokuraturaga yuborildi.