Navoiy viloyati Zarafshon shahri sobiq hokimi Anvar Rajabov jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2018−2022-yillarda Zarafshon hokimi bo‘lgan Rajabov yer ajratish bilan bog‘liq masalada aybdor deb topilib, ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

2023-yil 20-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi u hamda 2017−2021-yillarda shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Asliddin Fayziyevga oid jinoiy ishni ko‘rib chiqqan. Har ikki mansabdor Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan ayblangan.

Sud Rajabov va Fayziyevni 2 yilu 6 oy hokimiyat tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ularga 3 yilu 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

7-sentabr kuni sobiq hokim va uning o‘rinbosari ishi viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan. Sud ajrimiga asosan, hokimning yer ajratishi bilan bog‘liq 4 ta epizod javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli ayb epizodidan chiqarib tashlangan. Birinchi instansiya sudida tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.

“Anvar Rajabovning sudlanishi tadbirkorlarga auksionsiz yer berilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deyiladi nashr xabarida. — 2022-yilning yanvarida ayni shu masalada Rajabov tergovga chaqirilgandi”.

Ta’kidlanishicha, o‘shanda viloyat prokuraturasi tomonidan Zarafshon shahri hokimligi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hokimlik mansabdorlari 5,31 gektar yer uchastkalarini 7 nafar tadbirkorga ajratib berish orqali davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumonlangan.

Ma’lumot uchun, Anvar Rajabov 2018-yil 25-mayda Zarafshon shahri hokimi etib tayinlangan. U 2022-yil 19-aprelda prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda “tizimdagi oqsoqliklar sababli” lavozimidan olingan.