2023-yilning 8 oyi davomida 28 ming 207 nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijiy davlatlarga manzilli va tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirildi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Infografika: Migratsiya agentligiInfografika: Migratsiya agentligi

Xususan, ularning eng ko‘pi Rossiya (20 450 nafar), Janubiy Koreya (3184) va Buyuk Britaniya (1809)ga ketgan.

Bundan tashqari, Rossiyada bo‘lib turgan va ishsiz qolgan 1037 nafar, Qozog‘istonda 100 nafar, Buyuk Britaniyada esa 55 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan.

Yanvar-avgust oylarida 9298 nafar mehnat migrantiga huquqiy yordam, 161 ming 610 nafar migrantga maslahat xizmati, 8006 nafariga ijtimoiy yordam, 1993 kishiga esa moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Mehnat migrantlarining ish beruvchilar tomonidan to‘lanmay turgan 676,3 ming dollarlik ish haqi va pulli kompensatsiyalari undirib berilgan.

2023-yil iyul oyida bandlik vaziri Behzod Musayev yildan-yilga o‘zbekistonlik migrantlarning mamlakatdan ketishi emas, qaytishi soni ortib borayotganini aytgandi. Unga ko‘ra, migrantlar 2 mln nafarni tashkil etmoqda. 2022−2023-yillarda tashkiliy tarzda 60 ming kishi ishga jo‘natilgan va ularning o‘rtacha maoshi 1200 dollar bo‘lgan.