Bir necha kun avval Rossiya davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov Rossiya Sobiq Ittifoq davlatlarining barchasi bilan urishishga majbur bo‘lishi haqida fikr bildirgandi. Uning bu chiqishiga O‘zbekistondagi ayrim deputatlar o‘z munosabatini bildirdi.

Rossiyalik deputatning fikricha, sobiq sovet respublikalari bahsli hududlar hisoblanadi va ular SSSR tarkibidan noqonuniy ajralib chiqqan.

“Barcha sobiq respublikalar ertami-kechmi Rossiya bilan to‘qnash keladi. Bu nazariya masalasi. Ulardan ba’zilari bilan bunday bo‘lmaydi: [deylik] Belarus. Gruziya allaqachon jang qilgan, shuningdek, Ukraina. Bu Armanistonga ham to‘liq taalluqlidir”, — degan deputat.

Uning qayd etishicha, agar respublikalar diplomatik yo‘l bilan qaytarilsa, harbiy mojarolarning oldini olish mumkin.

Munosabat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov rossiyalik deputatning yuqoridagi fikriga munosabat bildirdi.

“Rossiyaning boshiga odatdagidek o‘zining ahmoqlari yetadi, shekilli… Bundan biz foyda ko‘ramizmi, yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Yong‘inga qarshi choralar ko‘rib, sovuqqonlik bilan kuzatamiz”, — deb yozadi Qodirov.

Oliy Majlis deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov esa Fyodorovni “navbatdagi fantazyor” deb atadi.

“Sobiq ittifoq respublikalarini urush yoki diplomatik yo‘l bilan qaytarish” kabi iddaolar sog‘lom fikr mahsuli emas. Bugungi kunda Rossiya tashqi kuchlar koloniyasi ekanligiga ishonuvchi, konspirologik nazariyalarni ilgari suruvchi Duma deputatining so‘zlariga qandaydir jiddiy munosabat bildirish shart emas, deb hisoblaymiz", — deydi u.

“O‘zbekiston mustahkam suverenitet va kuchli davlatchilikka ega mamlakatdir. Qolaversa, biz Rossiya bilan ittifoqchi mamlakatlarmiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan”, — deya qayd etdi deputat.

U o‘z postiga “Fantazyor” nomli qo‘shiqni ilova qildi.