Bu hafta prezident Shavkat Mirziyoyev 14−15-sentabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi, beshinchi Maslahat uchrashuvi hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida ishtirok etadi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Dushanbedagi bo‘lajak sammitda prezident qator muhim va dolzarb taklif va tashabbuslar bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Mintaqada savdo-iqtisodiy, transport-logistika aloqalarini, “yashil” iqtisodiyot va energetika, suv va ekologiya sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini bayon qiladi.

Uchrashuvi doirasida 12 ta qo‘shimcha tadbir — iqtisodiy forum, olimlar forumi, faol ayollar uchrashuvi, madaniy dastur va besh mamlakat milliy taomlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. 13-sentabr kuni sammit doirasida mintaqaning besh mamlakatining transport vazirlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi 2017-yilda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgandi. Avvalgi sammit 2022-yilning iyulida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgandi.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini ta’sis etuvchi davlatlar rahbarlari Kengashining majlisi pandemiya sababli tanaffusdan keyin besh yil deganda birinchi marta o‘tkazilyapti. Sammit oxirgi marta Turkmanistonda 2018-yilda bo‘lib o‘tgandi.

Sammitda hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan, ulardan yeng muhimi davlat rahbarlarining yakuniy deklaratsiyasi bo‘ladi, dedi Sherzod Asadov.